O’tgan Kunlar


O’zbek kinematografiyasining oltini hisoblanmish “O’tgan kunlar” filmi 1967 yilda Abdulla Qodiriyning shu nomli romani asosida Yo’ldosh A’zamov rejisserligi ostida ilk marotaba suratga olingan. Bu film kinoekranlarga chiqqan ilk davridanoq tomoshabinlar qalbidan mustahkam joyini egallab oldi. Film shu darajada chiroyli ishlangan, akterlar shu darajada mahorat bilan o’ynashganki, romanni o’qiganida ko’ziga yosh kelgan tomoshabin filmni ko’rib yana bir bor ko’zlaridan yoshini sidirdi.

Filmda bosh rollarni O’lmas Alixo’jayev (Otabek) vaGulchehra Jamilovalar (Kumush) ijro etishgan. O’lmas Alixo’jayev va Gulchehra Jamilovalar o’zbek kinosining Otabek va Kumushlariga aylanishdi, ko’chalarda ularni uchratgan odamlar “Ana, Otabek ketyapti.”, “Ana, Kumushni ko’ryapsizmi?” deydigan bo’lishdi.
Qolgan rollarda taniqli o’zbek akterlari G. Zufarova (Zaynab),Maryam Yoqubova (O’zbek oyim), Abbos Bakirov(Yusufbek Hoji), R. Hamroyev (Mirzakarim Qutidor), A. Murodova (Oftoboyim), H. Narimonov (Hasanali), Nabi Rahimov (Usta Olim), Hamza Umarov (Homid), Rahim Pirmuhamedov (Qo’rboshi) va Yoqub Ahmedovlar (Azizbek) suratga tushishgan.
Film aslida ikki seriyaga mo’ljallab suratga olinadi. Ammo, Moskwadan qatag’on qilinib, keyin oqlanganlarning asarlari faqat bir seriyalik qilib suratga olinsin degan ko’rsatma bo’lgach, film bir seriyalik qilib tayyorlanadi.
Film suratga olinganidan qariyb qirq yil o’tgandan keyin asosiy aktyorlarning ba’zilari asarni o’sha paytda to’liq o’qimasdan rol o’ynaganliklarini tan olishayotgan bo’lsalar-da, ularning san’ati bugungi kungacha millionlarni lol qoldirib kelmoqda. Bu narsani tan olgan Gulchehra Jamilova o’sha vaqtda hatta homilador bo’lganligini ta’kidlab o’tgan.

Ushbu kino durdonasi haqida fikr so’rab, ba’zi tanishlarimga murojaat qildim:

“O’tgan kunlar” filmi sizda qanday taassurot qoldirgan? Film haqidagi fikrlaringiz qanaqa?

Beruniy Olimov: Menga filmdagi dialoglarning qurilishi, ularning ming o’ylab, o’lchanib yozilgani va qolaversa, aytiladigan har bir so’zning badiiy qudrati juda yoqadi. Ayniqsa, personajlar o’rtasidagi ancha nozik hamda murakkab munosabatlar shu qadar go’zal namoyish etilganki, mazkur holat odamga cheksiz tasalli beradi, yashashga undaydi.
Ochig’ini aytsam, kino ko’rmaydiganlar yoki unga umuman ishonmaydiganlar qatoriga qo’shilib qolganimga o’n yilcha bo’ldi. Bunga ehtimol ikkita sabab bor. Birinchisi, qachonlardir televideniyeda ishlab, ko’rsatuv yoki filmni tasvirga olish va uning mayday-chuyda ichki nuqsonlarini haddan ziyod o’rganganligim bo’lsa, ikkinchisi, hammaga ayon – kinolarimizning ayanchli darajada sayozlashib ketishidir.
Nazarimda “O’tgan kunlar” hech qachon qaytmaydigandek. Nahotki, Abdulla Qodiriy o’lmas meros yaratolgan birinchi va hozirgacha so’ngi o’zbek yozuvchsi bo’lsa. Mana shu o’y oddiy o’quvchini biroz ichiktirgani yomon…

Kamal aka: “O’tgan kunlar” romanini o’zbek klassikasining durdonasi deb aytishganda, mening yodimga albatta O’lmas Alixo’jayev va Gulchehra Jamilovalar bosh rollarda o’ynashgan birinchi film tushadi. Ushbu filmning asosiy kuchi shundaki, u filmni kurayotganda, siz film ko’rayotganingizni unutib yuborasiz va film bilan yonma-yon ketaverasiz. Buning asosiy sababi, mening nazarimda, unda qatnashgan aktyorlarning mahoratida, ularning o’z rollariga ideal ravishda mos kelishida va shuning natijasida rollarning tabiiy chiqqanligidadir. Bu filmda soxtalik va sayozlik ko’rmaysiz. Men “O’tgan kunlar” filmining ilk talqinining qanchalik qimmatli ekanligini uning yangi talqinini ko’rganimdan keyingina bildim. Birdan Toshkentga telefon qilib, “O’tgan kunlar” filmining birinchi talqinini topib, jo’natishlarini iltimos qildim. Ko’ngil qo’msaganda tomosho qilib turaman.

Erkin Karimov: Filmni ko’rganimda negadir hech narsani eslagim kelmaydi. Faqat filmda Otabekning o’rnida o’zim bo’lsamu, Kumush o’shaligicha qolsa (Gulchehra Jamilova). O’zimni Otabekning o’rnida his qilaman va asar muallifi hohlagandek hissiyotlarni tuyaman. Rostdanam, ko’p joylarida yurak siqiladi, ba’zi joylarida ko’zga beixtiyor yosh keladi. Film so’ngida doim yurakda og’ir bir narsa qoladi. Bilmadim, balki men o’ta ta’sirchandirman.
Film uchun akterlarning zo’rrog’ini tanlab bo’lmasdi.

Iftihor: Filmni ko’rishdan oldin, menimcha, asarning o’zini o’qib chiqmoq lozim, shundagina biz kinoni yanada yaxshiroq tushunamiz. Kinoda ko’pgina epizodlar qisqartirilib, ya’ni, sovet ideologiyasiga moslashtirib scenariy yozilgan bo’lishiga qaramasdan, kino baribir o’z motivini yo’qotmagan. Bunda biz aktyorlarning mahorati kinoni yanada jozibador qilganiga ham guvoh bo’lamiz. Masalan, men A. Qodiriyning asarini ikki-uch marta o’qib chiqqanman va o’qish davomida Otabekni O’. Alixo’jayev, Kumushni esa G. Jamilova qiyofasida tasavvur qilganman. Ulardan tashqari, A. Bakirov va M. Joqubovalar ham rolni qiyomiga yetkazishgan. Kitobni o’qiyversam, Yusufbek Hojining so’zlarini nafaqat o’qiyman, balki u (aktyor A.Bakirov) qulog’imga shivirlayotgandek tuyuladi.
Kino ham, asar ham o’ta fojeali. Har ikkisini ham oxiriga yetkazishni istamayman… Asarning tarixiy va tarbiyaviy ahamiyati juda muhim. Ruslar aytgan “XIX asrda Markaziy Osiyoda savodsizlik va qoloqlik hukm surgan va u faqat ruslar tomonidan tugatilgan” degan fikrni asossiz ekanligiga amin bo’lamiz. Chunki, bizda ham Otabek, Yusufbek Hoji, Mirzakarim qutidor kabi savodli, iymonli, diyonatli insonlar bo’lganiga shak-shubham yo’q! Mening nazarimda Qodiriy ham shularga ishora qilgandek:” Xudoyorhon va Azizbeklarning taxt uchun kurashlari, Musulmonqul singari qipchoqlarning (bular tarixiy shaxslardir) xalqning qonini so’rganlari tufayli biz qoloq bo’ldik, oqibatga rus bosqinchilari bizni hech qiyinchiliklarsiz bosib olishdi”.
Qodiriy haq! Va uning “O’tkan kunlar”i o’zbekning dardli va armonli o’tkan kunlaridir.

Görüntü

VK Büyük Ekran izle

 

Bir Cevap Yazın

Aşağıya bilgilerinizi girin veya oturum açmak için bir simgeye tıklayın:

WordPress.com Logosu

WordPress.com hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Twitter resmi

Twitter hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Facebook fotoğrafı

Facebook hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Google+ fotoğrafı

Google+ hesabınızı kullanarak yorum yapıyorsunuz. Log Out / Değiştir )

Connecting to %s

%d blogcu bunu beğendi: